HozirGo Kuryer: xizmat koʻrsatish shartnomasi (oferta)
Yangilangan: 2026-11-01 · Qoralama: matn yuridik tekshiruvdan oʻtmagan
Ushbu hujjat «OMONOV PRIME» xususiy korxonasi (HozirGo, keyingi oʻrinlarda «Platforma»), STIR 312846941, manzil: Oʻzbekiston Respublikasi, Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz shahri, Navroʻz MFY, Nekus koʻchasi, 17-a-uy, va HozirGo Kuryer ilovasida roʻyxatdan oʻtgan shaxs («Kuryer») oʻrtasidagi fuqarolik-huquqiy xizmat koʻrsatish shartnomasining ommaviy ofertasidir. Bu mehnat shartnomasi emas.
1. Shartnomani qabul qilish
- Shartnoma Kuryer ilovada roʻyxatdan oʻtgan yoki ilovaga kirgan paytdan qabul qilingan hisoblanadi; vaqt va tahrir Platformada saqlanadi.
- Kuryer oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtgan boʻlishi kerak (faoliyat turi: «Buyurtma asosida tovarlarni yetkazib berish») va soliqlarni oʻzi toʻlaydi.
- Kuryer 18 yoshdan katta boʻlishi kerak.
- Shartlar oʻzgarsa, yangi tahrir ilovada eʼlon qilinadi va keyingi kirishda qabul qilinadi.
2. Hujjatlar va tekshiruv
- Pasport yoki ID-karta (JShShIR), oʻzini oʻzi band qilganlik maʼlumotnomasi va selfi; avtomobil yoki mototsikl uchun qoʻshimcha haydovchilik guvohnomasi va texpasport.
- Platforma hujjatlarni tekshiradi va Kuryerni tasdiqlaydi yoki sabab bilan rad etadi. Hujjat muddati tugasa, yangisi yuklanmaguncha buyurtma olinmaydi.
3. Ish tartibi
- Kuryer qachon ishlashini oʻzi hal qiladi: smenani ilovada oʻzi ochadi va yopadi. Majburiy ish vaqti yoʻq.
- Smena ochiq paytda ilova joylashuvni Platformaga yuboradi (faqat smena davomida).
- Buyurtma taklifi filialga eng yaqin boʻsh kuryerga avtomatik yuboriladi; taklif 60 soniya amal qiladi. Kuryer taklifni qabul qilishi yoki rad etishi mumkin; rad etish jarima keltirmaydi.
- Bosqichlar: «Keldim» → «Oldim» → «Yetkazdim». Kuryer bir vaqtda Platforma belgilagan sondan koʻp buyurtma olmaydi.
4. Avtomatik qarorlar
- qaysi kuryerga taklif yuborilishi — masofa, joylashuv yangiligi va bandlik boʻyicha;
- oxirgi 30 kundagi oʻrtacha baho belgilangan chegaradan past boʻlsa, kuryer taklif navbatining oxiriga qoʻyiladi va ogohlantiriladi;
- hujjat muddati tugasa, buyurtma olish toʻxtatiladi.
Platforma quyidagi qarorlarni dastur orqali avtomatik qabul qiladi:
Bloklashni faqat Platforma xodimi qaror qiladi. Kuryer avtomatik qarorga «Yordam» orqali eʼtiroz bildirishi mumkin; eʼtirozga 10 kun ichida javob beriladi.
5. Kuryerning majburiyatlari
- Taomni toza va dezinfeksiya qilingan termosumkada tashish; issiq va sovuq, xom va tayyor mahsulotlarni alohida saqlash.
- Qadoqni ochmaslik va buyurtmani faqat buyurtma raqamini aytgan shaxsga topshirish.
- Buyurtma va yetkazish summasidan ortiq pul olmaslik.
- Mijoz maʼlumotlarini (ism, telefon, manzil) faqat shu buyurtma uchun ishlatish va hech kimga bermaslik.
- Mast yoki giyohvandlik holatida ishlamaslik, yoʻl harakati qoidalariga rioya qilish.
- Kechikish yoki muammo boʻlsa, darhol ilova yoki Platforma orqali xabar berish.
6. Naqd pul
- Naqd toʻlangan buyurtmada Kuryer mijozdan ilovada koʻrsatilgan summani oladi va mijozga qonunchilikda belgilangan tartibda fiskal chek beriladi.
- Olingan naqd Kuryer balansida qarz sifatida aks etadi, Kuryer ulushi esa balansga qoʻshiladi. Kuryer qarzini ilovadagi «Balans → Toʻldirish» orqali bank kartasi bilan toʻlaydi; naqd pul Platforma xodimlariga qoʻlda topshirilmaydi.
- Qarz limiti: 500 000 soʻm. Qarz limitdan oshsa yoki uning bir qismi 3 kundan ortiq toʻlanmasa, qarz toʻlanguncha Kuryerga yangi naqd buyurtmalar taklif qilinmaydi. Platforma limit va muddatni ilovada eʼlon qilib oʻzgartirishi mumkin.
- Balans musbat boʻlsa, Kuryer ulushi Platforma tomonidan har hafta uning alohida bank kartasiga oʻtkaziladi.
7. Haq
- Kuryer har bir yetkazilgan buyurtma uchun yetkazish haqining 70% ini oladi; Platforma belgilagan qoʻshimcha bonuslar (band soatlar, maxsus kunlar, ob-havo) taklifda koʻrsatiladi.
- Haq va toʻlovlar ilovadagi «Tarix» va «Balans» boʻlimlarida koʻrinadi. Toʻlovlar faqat Kuryerning alohida bank hisobvaragʻiga (kartasiga) qilinadi.
- Buyurtma yetkazilmasa (bekor qilinsa), haq yozilmaydi.
8. Platformaning majburiyatlari
- Buyurtmalar va ilovaning ishlashini taʼminlash, haqni toʻliq va oʻz vaqtida toʻlash.
- Yetkazish qoidalari va xavfsizlik boʻyicha qisqa yoʻriqnoma berish (ilovada «Qoidalar»).
- Mijoz shikoyatlarini koʻrib chiqish va Kuryerni tinglash.
- Kuryer maʼlumotlarini maxfiylik siyosatiga muvofiq himoya qilish.
9. Javobgarlik
- Kuryer oʻz aybi bilan yoʻqotilgan yoki buzilgan buyurtma va toʻlanmagan qarz uchun javob beradi.
- Platforma tovar uchun xaridorga topshirilgunga qadar qonunda belgilangan tartibda javob beradi.
- Uchinchi shaxslarga yetkazilgan zarar uchun javobgarlik qonunchilikka muvofiq belgilanadi.
10. Bloklash va shartnomani bekor qilish
- Kuryer istalgan vaqtda ilovada «Hisobni oʻchirish» orqali shartnomani bekor qilishi mumkin; balansda qarz boʻlsa, avval toʻlanadi.
- Platforma shartlar jiddiy buzilganda (firibgarlik, qarzni toʻlamaslik, mijozga qoʻpollik, mast holda ishlash) Kuryerni sabab koʻrsatib bloklaydi.
11. Yakuniy qoidalar
- Hujjat oʻzbek (lotin va kirill yozuvida), rus va ingliz tillarida eʼlon qilinadi. Matnlar oʻrtasida farq boʻlsa, oʻzbek tilidagi (lotin) matn ustun turadi.
- Nizolar muzokara yoʻli bilan, kelishilmasa Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq hal qilinadi.